Boshlash — hamma uchun
Faroz — bolalar va o'smirlar uchun ta'lim platformasi. Bitta hisob bilan siz ham o'rganishingiz, ham o'qitishingiz mumkin. Platforma faroz.uz saytida va Google Playdagi mobil ilovada ishlaydi; ma'lumotlar ikkalasida bir xil.
Kirish va profil
Qanday ro'yxatdan o'taman va kiraman?
Uch xil usul bor:
- Google orqali — eng tez yo'l: «Google bilan kirish» tugmasini bosing va hisobingizni tanlang. Alohida parol kerak emas.
- Apple orqali — iPhone foydalanuvchilari uchun.
- Email va parol — email manzilingiz va o'zingiz o'ylab topgan parol bilan.
Saytda: faroz.uz → Kirish. Kirish oynasida avval kim sifatida kirayotganingizni tanlaysiz — o'qituvchi (o'qituvchi paneli ochiladi) yoki foydalanuvchi (o'quvchi oynasi ochiladi). Keyin bu tanlovni istalgan payt almashtirish mumkin.
Kirgandan keyin nima uchun tug'ilgan kunimni so'rayapti?
Faroz kontentni yoshga qarab saralaydi: tavsiyalar, strategiyalar va bosh sahifadagi materiallar faqat sizning yoshingizga mos bo'lsa ko'rinadi. Shuning uchun birinchi kirishda tug'ilgan kun majburiy, telefon raqam esa ixtiyoriy.
Telefon raqam +998 90 123 45 67 ko'rinishida kiritiladi. U keyinchalik o'quv markazidagi kursga yozilishda kerak bo'ladi — o'qituvchi siz bilan shu raqam orqali bog'lanadi.
Ism, rasm yoki telefon raqamini qanday o'zgartiraman?
Saytda: chap menyuning pastidagi profil kartangizni bosing → Profil → tahrirlash. Ilovada: yon menyuni oching (☰) → profil kartangizdagi qalam belgisi.
«Saqlash» tugmasi faqat biror narsa o'zgarganda faollashadi — bu tasodifan bo'sh saqlab qo'yishning oldini oladi.
Ikki rejim: foydalanuvchi va o'qituvchi
«Foydalanuvchi rejimi» va «O'qituvchi paneli» nima, qanday almashtiraman?
Har bir hisobning ikki ko'rinishi bor:
| Rejim | Kim uchun | Nima bor |
|---|---|---|
| Foydalanuvchi rejimi | O'quvchi, ota-ona | Bosh sahifa, Play, Hikoyalar, Ta'lim (kurslar), statistika, xizmatlar |
| O'qituvchi paneli | O'qituvchi, markaz egasi | Mashqlar, Kurslarim, media, strategiyalar, foydalanuvchilar, xabarlar |
Saytda: chap yuqoridagi «Faroz» yozuvi yonidagi ochiladigan tanlagichdan rejimni tanlang.
Ilovada: yon menyu (☰) → O'qituvchi paneli.
Sayt bilan ilovaning farqi bormi?
Ma'lumotlar bir xil — saytda boshlagan darsingiz ilovada ham ko'rinadi. Farqi qulaylikda:
- Kontent yaratish (mashq tahrirlovchi, kurs tuzish, kalendar) saytda — katta ekranda qulayroq.
- O'qish, dars o'ynash, uy vazifasi topshirish — ikkalasida ham; ilovada kamera va mikrofon bilan ishlash osonroq.
- Kurs a'zolari, darslar, guruhlar va jadvalni ilovadan ham boshqarish mumkin (O'qituvchi paneli orqali).
Sozlamalar
Tilni va yorug'/tungi ko'rinishni qanday o'zgartiraman?
Faroz o'zbek va ingliz tillarida ishlaydi. Saytda: chap menyuning pastida til va mavzu tugmalari bor. Ilovada: ☰ → Sozlamalar.
Mavzu uch xil: Yorug', Tungi yoki Tizim (telefoningiz sozlamasiga ergashadi).
Hisobimni qanday o'chiraman?
Profil sahifangizda (saytda ham, ilovada ham) Profil → Akkauntni o'chirish. O'chirishdan oldin bilib qo'ying:
- ism, email, telefon va bog'langan profillar butunlay o'chiriladi;
- siz yaratgan darslar va mashqlar platformada qoladi, lekin ularni boshqara olmaysiz;
- balans va obunalar bekor qilinadi va tiklanmaydi.
O'quv markazlari va biznes egalari uchun
Faroz o'quv markazining kundalik ishini bitta joyga yig'adi: kurslar va darslar, o'qituvchilar va xodimlar, guruhlar va dars jadvali, qabul so'rovlari, davomat, uy vazifalari, o'zlashtirish reytingi va to'lovlar. Quyida markazni noldan ishga tushirish tartibi va eng ko'p beriladigan savollar.
Markazni ishga tushirish
Faroz o'quv markazimga nima beradi?
- Onlayn kurslar — darsdan oldin va keyin o'quvchi bajaradigan interaktiv mashqlar (11 xil blok: test, bo'sh joyni to'ldirish, rasmli test, yozish, gapirish, audio, video va boshqalar).
- Qabul — o'quvchi ilovadan so'rov yuboradi, siz bir tugma bilan qabul qilasiz. Havola orqali kursni reklama qilish mumkin.
- Guruh va jadval — har bir guruhning haftalik jadvali, darslar kalendarga avtomatik joylashadi, har darsga o'qituvchi biriktiriladi.
- Davomat — qatnashdi / kech qoldi / qatnashmadi, bir necha soniyada.
- Uy vazifasi — o'quvchi rasm, audio, PDF, Word yoki taqdimot yuklaydi, o'qituvchi baho va izoh qo'yadi.
- Reyting va o'zlashtirish — har bir o'quvchining foizi avtomatik hisoblanadi; ota-onalar ham ko'radi.
- Pullik kurslar — haftalik, oylik yoki to'liq kurs uchun narx, chegirma; to'lagan o'quvchi darhol kursga kiradi.
- AI yordamchi — Claude, ChatGPT yoki Gemini orqali kurs va mashq tuzish, uy vazifasini tekshirish.
Markazni noldan ishga tushirish — qadamma-qadam
- Hisob oching va o'qituvchi sifatida kiring (qanday?). Bu hisob markazning asosiy (egasi) hisobi bo'ladi — kurslarni shu hisobdan yarating.
- Kurs yarating: O'qituvchi paneli → Kurslarim → Yangi kurs. Nomi, tavsifi, muqova rasmi, fan, yosh oralig'i va darajani kiriting (batafsil).
- Darslarni qo'shing — har bir darsga 5 tagacha mashq va kerak bo'lsa uy vazifasi (batafsil).
- Xodimlarni qo'shing — o'qituvchilar, yordamchi o'qituvchilar, administratorlar (batafsil).
- Guruhlar va jadval — masalan «A guruh: Du/Chor/Ju 16:00» (batafsil).
- Narxni sozlang (agar kurs pullik bo'lsa) — Kurs → Obuna (batafsil).
- Kursni faollashtiring va ulashing — havolani Telegram, Instagram yoki ota-onalar guruhiga yuboring (batafsil).
- So'rovlarni qabul qiling va har darsdan keyin davomat qiling. Natijalar reyting va statistikada o'zi yig'iladi.
Markazimda allaqachon o'quvchilar bor. Ularni qanday ko'chiraman?
Ikki yo'l bor:
- O'quvchilar o'zlari so'rov yuboradi. Kurs havolasini ularga yuboring — har biri ilovada «Qo'shilish»ni bosadi, siz A'zolarda holatni «O'quvchi»ga o'zgartirasiz.
- O'zingiz qo'shasiz. Kurs → A'zolar → A'zo qo'shish — ism, telefon va guruhni kiriting. Ilovasi bo'lmagan (oflayn) o'quvchini ham shu tarzda qo'shib, davomatini yuritish mumkin.
Mavjud ro'yxatni qo'shishda o'quvchini Faroz ID, email yoki telefon raqami bo'yicha aniq topish mumkin.
Bir nechta fan (ingliz tili, matematika…) bo'lsa, qanday tashkil qilaman?
Har bir fan yoki daraja uchun alohida kurs oching (masalan «Ingliz tili — Beginner», «Matematika 5-sinf»). Har bir kurs ichida bir nechta guruh bo'ladi (A guruh, B guruh, ertalabki, kechki). Darslar kursga tegishli, jadval esa guruhga tegishli — bitta darslar to'plamini bir nechta guruh turli vaqtda o'tadi.
Xodimlar va rollar
Kursda qanday rollar bor va har biri nima qila oladi?
| Rol | Nima qila oladi |
|---|---|
| Kurs muallifi (yaratgan hisob) | Hammasi: kurs, darslar, narx, a'zolar, xodimlar, jadval. Avtomatik ravishda kurs administratori. |
| Kurs administratori | A'zolarni qabul qilish, rollarni o'zgartirish, xodim qo'shish, davomat. Muallif yoki boshqa administrator tayinlaydi. |
| O'qituvchi | Dars o'tadi (jadvalda biriktiriladi), uy vazifasini tekshiradi, natijalarni ko'radi. |
| Yordamchi o'qituvchi | O'qituvchi bilan bir xil: dars o'tishi va vazifa tekshirishi mumkin. |
| O'quv markazi xodimi | Administrator, menejer: topshiriqlar va natijalarni ko'radi, tekshirishda yordam beradi. |
| O'quvchi | Darslarni o'ynaydi, vazifa topshiradi, reytingda qatnashadi. |
| Yangi | Qo'shilish so'rovi yuborgan, hali qabul qilinmagan. |
| Spam o'quvchi | Keraksiz so'rovlarni ajratib qo'yish uchun. |
O'qituvchi yoki administratorni kursga qanday qo'shaman?
- Xodim avval Faroz'da hisob ochsin va sizga Faroz ID, email yoki telefon raqamini aytsin.
- Kurslarim → kurs → A'zolar → A'zo qo'shish.
- Xodimni ID/email/telefon bo'yicha toping va rolini tanlang: O'qituvchi, Yordamchi o'qituvchi yoki O'quv markazi xodimi.
- Kurs administratori qilish uchun a'zo sahifasini oching va «Kurs administratori» belgisini yoqing. Administratorlar ro'yxatda qalqon belgisi bilan ko'rinadi.
Shundan so'ng kurs xodimning Kurslarim ro'yxatida paydo bo'ladi va u o'z huquqlari doirasida boshqaradi.
O'qituvchi ishdan ketdi. Kirish huquqini qanday olaman?
Kurs → A'zolar → xodimni oching → rolini o'zgartiring yoki kursdan o'chiring. Jadvalda unga biriktirilgan kelgusi darslarga boshqa o'qituvchini tanlang (qanday?). Kurs muallifi bo'lgan hisobni o'chirib bo'lmaydi — shuning uchun kurslarni markazning o'z hisobidan yarating.
To'lovlar va obunalar
Kursni pullik qilish va narx belgilash
- Kurslarim → kurs → Obuna bo'limini oching va «Pullik kurs»ni yoqing.
- Tarif qo'shing. Muddatlardan birini tanlang: To'liq kurs, Haftalik, 1 oylik, 3 oylik yoki 6 oylik. Har bir muddat bir marta, jami 5 tagacha tarif.
- Har bir tarifga narx (masalan 250 000 so'm) va xohlasangiz chegirma foizini yozing.
- Kerak bo'lsa izoh qo'shing (masalan «Darslik narxi kiritilgan»).
- Saqlang.
Bepul sinov darslari: pullik kursda ochiq deb belgilangan darslar hamma uchun bepul — o'quvchi kursni sotib olishdan oldin shularni sinab ko'radi. Pullik kursga yangi qo'shilgan darslar avtomatik yopiq bo'ladi.
O'quvchi qanday to'laydi va pul qayerga tushadi?
O'quvchi kurs sahifasida tarifni tanlaydi va Faroz balansidan to'laydi. To'lov o'tishi bilan u darhol kurs a'zosi bo'ladi — sizning tasdig'ingiz kerak emas. Haftalik va oylik tariflar muddati tugaganda avtomatik uzaytiriladi (o'quvchi «Avto-uzaytirish»ni o'chirib qo'yishi mumkin). Muddati tugab, to'lanmasa, o'quvchi faqat ochiq darslarni ko'radi.
Siz qo'lda qo'shgan yoki so'rovini qabul qilgan o'quvchilar to'lovsiz kira oladi — naqd to'lov oladigan markazlar uchun qulay.
Biz naqd yoki o'z kartamizga pul olamiz. Faroz'dagi to'lov shartmi?
Yo'q. Kursni bepul qoldiring va to'lagan o'quvchilarni o'zingiz qabul qiling (so'rovini tasdiqlang yoki qo'lda qo'shing). To'lamaganni kursdan chiqarib qo'yish yoki «Spam o'quvchi» deb belgilash mumkin. Darslarning bir qismini ochiq qilib, reklama vazifasini bajartirish ham mumkin.
Mashq va materiallarimni boshqa o'qituvchilarga sotsam bo'ladimi?
Ha — buni mualliflik va obunalar bo'limida batafsil o'qing. Qisqasi: materialingizni «Obuna» deb belgilaysiz, nomli obuna (to'plam) tuzasiz va narx qo'yasiz; boshqa o'qituvchilar unga obuna bo'lib, materiallaringizni o'z darslarida ishlatadi.
Nazorat va hisobotlar
Markaz faoliyatini qayerda kuzataman?
- O'qituvchi paneli → Statistika — umumiy ko'rsatkichlar va kurslaringiz bo'yicha natijalar.
- Kurs → A'zolar — har bir o'quvchining holati, guruhi, o'zlashtirish foizi va reytingdagi o'rni.
- Kurs → dars → Reyting — shu dars bo'yicha uy vazifasi va mashq natijalari alohida-alohida.
- Kurs → Kalendar — o'tgan va kelgusi darslar, davomat.
- A'zo sahifasi → Darslar — bitta o'quvchining har bir dars bo'yicha natijasi va topshirgan fayllari.
O'zlashtirish foizi qanday hisoblanadi?
Avtomatik: o'qituvchi qo'ygan uy vazifasi baholari va har bir darsdagi mashqning oxirgi urinish natijasi o'rtachasi olinadi. Agar hali hech qanday baho bo'lmasa, davomat foizi ko'rsatiladi. Qo'lda kiritish shart emas — davomat va baholash qilsangiz bas.
Ota-onalarga natijalarni qanday ko'rsataman?
O'quvchining a'zo sahifasida Yaqinlari bo'limi bor. U yerga ota-ona (yoki ona, aka, opa, bobo, buvi, vasiy…) ni Faroz ID, email yoki telefon raqami bo'yicha qo'shing. Shundan so'ng ota-ona o'z ilovasida kurs sahifasining Natijalar bo'limida farzandining baholari, uy vazifalari va reytingini ko'radi. Batafsil: ota-onalar bo'limi.
O'qituvchilar uchun
Faroz'da o'qituvchi o'z kontentini yaratadi (mashq, video, audio, rasm), uni kurs va darslarga yig'adi, guruhlarni boshqaradi va o'quvchilar natijasini kuzatadi. Ishning asosiy qismi saytda — faroz.uz → Kirish → O'qituvchi.
O'qituvchi paneli
O'qituvchi panelidagi bo'limlar nima uchun?
| Bo'lim | Vazifasi |
|---|---|
| Statistika | Umumiy ko'rsatkichlar va kurslaringiz natijalari |
| Tavsiyalar | Ota-ona va bolalar uchun tarbiyaviy maslahatlar, maqolalar |
| Mashqlar | Interaktiv mashqlarni yaratish va tahrirlash |
| Kurslarim | Siz boshqaradigan kurslar: darslar, a'zolar, kalendar, narx |
| Videolar / Audiolar / Rasmlar | Media kutubxonangiz — darslarda va mashqlarda ishlatiladi |
| Xabarlar | Foydalanuvchilar bilan yozishmalar, shikoyat va takliflar |
| Foydalanuvchilar | Mualliflar, resurslar katalogi, obunalaringiz, sizga obuna bo'lganlar, kutubxonangiz |
| Strategiyalar | Bosqichli rivojlanish dasturlari (masalan, 1 yillik reja) |
| O'yinlar | Play bo'limidagi o'yinlar (faqat ruxsat berilgan o'qituvchilarga ko'rinadi) |
Ba'zi bo'limlar (bildirishnomalar, bosh sahifa tavsiyalari) platforma administratorlari uchun.
Mashqlar
Mashqni qanday yarataman va darsga biriktiraman?
- Mashqlar → Yangi mashq. Avval sahifa turini tanlang (pastda turlari).
- Mashq nomi, tavsifi, yosh oralig'i va kategoriyalarini kiriting.
- Sahifaga bloklar qo'shing: «Blok qo'shish» → kerakli turni tanlang va to'ldiring. Bir mashqda bir nechta sahifa bo'lishi mumkin.
- «Oldindan ko'rish» bilan o'quvchi ko'zi bilan tekshiring.
- Kirish huquqini tanlang (pastda) va saqlang.
- Darsga biriktirish: Kurslarim → kurs → dars → Sozlamalar → mashq tanlash.
Qanday sahifa turlari bor?
| Sahifa turi | Nima uchun |
|---|---|
| Bloklar sahifasi | Eng ko'p ishlatiladigan: matn, rasm, video, test va boshqa bloklardan yig'iladi. |
| Grammatika tekshiruvi | O'quvchi yozma ishini rasmga olib yuklaydi, AI grammatik xatolarni va CEFR darajasini aytadi. |
| Gapirish imtihoni | Ingliz tili: CEFR Multilevel yoki IELTS qismlari. O'quvchi savollarga ovoz bilan javob beradi, AI baholaydi. Har bir qism alohida mashq. |
| Taqdimot | Tayyor .ppt / .pptx / .html taqdimotingizni animatsiya va videolari bilan ko'rsatish. Kompyuter (16:9) va telefon versiyasi. Fayl 50 MB gacha, uni hech kim yuklab ololmaydi. |
Bloklar sahifasida qanday bloklar bor?
| Blok | Tavsif |
|---|---|
| Matn | Formatlangan matn: sarlavha, qalin, rang, ro'yxat — nazariya uchun |
| Rasm | Bitta rasm (izoh bilan) |
| Galereya | Bir nechta rasm ketma-ket |
| Video | Kutubxonadagi video yoki YouTube havolasi |
| Audio | Tinglash materiali, talaffuz |
| Test (variantli) | Savol va bir nechta javob varianti |
| Rasmli test | Javob variantlari rasm ko'rinishida |
| Sarlavhali test | Rasmga mos sarlavhani tanlash |
| Bo'sh joyni to'ldirish | Matndagi tushib qolgan so'zlarni tanlash yoki joylashtirish |
| Yozish | O'quvchi javobni klaviaturada yozadi, avtomatik tekshiriladi |
| Gapirish | O'quvchi so'z yoki gapni ovoz chiqarib aytadi, nutq tanib tekshiriladi |
| Ustun / Qator | Bir nechta blokni ustma-ust yoki yonma-yon joylashtirish (masalan, chapda rasm, o'ngda test) |
Mashq uchun «Ochiq», «Yopiq», «Obuna» nimani anglatadi?
- Yopiq — faqat siz va kurslaringiz a'zolari (o'z darslaringiz orqali) ko'radi. Boshqa o'qituvchilar ro'yxatida chiqmaydi.
- Ochiq — har qanday o'qituvchi uni o'z darsiga qo'sha oladi.
- Obuna — boshqa o'qituvchilar ko'radi, lekin ishlatish uchun sizga obuna bo'lishi kerak. Mashqni ma'lum nomli obunalarga biriktirish mumkin.
Har qanday holatda o'z kursingiz a'zolari mashqni kurs orqali obunasiz ochadi.
Nega mashqni (yoki videoni) o'chirib bo'lmayapti?
Material biror darsda, o'yinda yoki boshqa mashqda ishlatilayotgan bo'lsa, o'chirish rad etiladi va qayerda ishlatilgani ko'rsatiladi. Avval uni o'sha joylardan olib tashlang. Ishlatilayotgan mashqni tahrirlaganingizda ham saqlashdan oldin qaysi darslarga ta'sir qilishi ko'rsatiladi.
Mashqni kursdan tashqari ulashsam bo'ladimi?
Ha. Mashq ro'yxatida «Havolani ulashish»ni bosing — havola orqali odamlar mashqni ilovada yoki saytda obunasiz bajaradi. Havolani faqat mashq muallifi oladi.
Boshqa o'qituvchining mashqini darsimda ishlatsam bo'ladimi?
Ha. Darsga mashq tanlashda qidiruv butun platforma bo'yicha ishlaydi (ID, nom, tavsif yoki kategoriya bo'yicha). Ochiq mashqlarni darhol qo'shasiz. Sariq «Obuna kerak» belgili mashq boshqa muallifga tegishli — bosganingizda muallif sahifasi ochiladi, obuna bo'lgach ishlatasiz.
Video, audio, rasm
Video, audio va rasmlarni qanday yuklayman?
Videolar, Audiolar yoki Rasmlar → «Qo'shish». Nom, tavsif, teglar, kategoriya va yosh oralig'ini kiriting, faylni tanlang.
- Video: faylni yuklashingiz yoki YouTube havolasini qo'yishingiz mumkin — katta videolar uchun YouTube qulayroq.
- Kirish huquqi mashqlardagidek: Ochiq / Yopiq / Obuna.
- Ochiq video va audiolar o'quvchilarning Play bo'limida ham chiqadi.
Kurs va darslar
Kursni qanday yarataman?
- Kurslarim → Yangi kurs.
- Kurs bo'limida: nomi, qisqa va to'liq tavsif, muqova (banner) rasmi, fan, daraja, yosh oralig'i, til.
- Darslarni qo'shing (keyingi savol).
- Hammasi tayyor bo'lgach kursni faollashtiring — shundan keyin u o'quvchilar katalogida (Ta'lim) ko'rinadi. Tayyorlanayotgan kursni faol qilmasdan turing.
Darsni qanday qo'shaman va sozlayman?
Kurs ichida «Dars qo'shish»ni bosing yoki dars kartasini oching. Dars sahifasida uchta bo'lim bor:
- Sozlamalar — nomi, tavsifi, 5 tagacha mashq, ochiq/yopiq, uy vazifasi (yoqilsa — vazifa sharti).
- Topshiriqlar — o'quvchilar yuborgan uy vazifalari.
- Reyting — shu dars bo'yicha uy vazifasi va mashq natijalari.
Ochiq dars — kurs a'zosi bo'lmaganlar ham o'ynay oladi (natija saqlanmaydi). Bepul kursni reklama qilish yoki pullik kursga sinov darsi uchun ishlatiladi.
Darslar tartibini sudrab o'zgartirasiz; tartib o'zgarsa kalendardagi kelgusi darslar ham avtomatik qayta joylashadi.
Kursni qanday reklama qilaman (havola)?
Kurs ro'yxatida «Havolani ulashish»ni bosing. Havola faroz.uz/user/course/… ko'rinishida bo'ladi: telefonda ilova o'rnatilgan bo'lsa ilovada, bo'lmasa saytda ochiladi. Uni Telegram kanal, Instagram yoki ota-onalar guruhiga yuboring.
Guruh, jadval, davomat
Guruh va haftalik jadvalni qanday tuzaman?
- Kurs → Kalendar (ilovada: Kurs → Guruhlar).
- Yangi guruh: nomi (masalan «A guruh»), boshlanish sanasi, hafta kunlari (Du/Chor/Ju), soat va dars davomiyligi.
- Saqlang — kursning darslari shu jadval bo'yicha kalendarga avtomatik joylashadi: 1-dars birinchi kunga, 2-dars keyingisiga va hokazo.
- O'quvchilarni guruhga biriktiring (a'zo sahifasida yoki ro'yxatdagi guruh ustunida).
Bayram yoki ko'chirilgan dars uchun kalendardagi darsni bosib, vaqtini o'zgartiring. Qo'shimcha dars kerak bo'lsa — kursga yangi dars qo'shing.
Har bir darsga o'qituvchini qanday biriktiraman?
Kalendardagi darsni bosing → «Darsni o'tadigan o'qituvchi» ro'yxatidan tanlang. Ro'yxatda kursdagi o'qituvchi, yordamchi o'qituvchi va administratorlar chiqadi. Hech kim tanlanmasa — kurs administratori hisoblanadi. Ro'yxat bo'sh bo'lsa, avval A'zolarda o'qituvchi qo'shing.
Davomatni qanday belgilayman?
Kalendarda darsni oching → «Davomat». Har bir o'quvchi uchun Qatnashdi, Kech qoldi yoki Qatnashmadi ni tanlang va saqlang.
O'tib bo'lgan darsni o'zgartirib yoki o'chirib bo'lmaydi, lekin davomatini istalgan vaqtda belgilash mumkin.
A'zolar
Qo'shilish so'rovlarini qanday qabul qilaman?
- Kurs → A'zolar — yangi so'rovlar «Yangi» holati bilan to'q sariq rangda turadi.
- O'quvchining telefon raqamiga qo'ng'iroq qilib, haqiqiyligini tekshiring va raqamni tasdiqlang (yoki rad eting — o'quvchidan qayta so'raladi).
- Holatni ro'yxatning o'zida yoki a'zo sahifasida «O'quvchi»ga o'zgartiring va guruhini tanlang.
- Keraksiz so'rovni o'chiring yoki «Spam o'quvchi» qiling.
A'zo sahifasida nimalar bor?
- Ma'lumot — ism, telefon, rol, guruh, kurs administratori belgisi.
- Darslar — har bir dars bo'yicha uy vazifasi holati, bahosi, fayllari yoki mashq natijasi.
- Yaqinlari — o'quvchining ota-onasi va boshqa yaqinlari (ular farzandning natijalarini ko'radi).
Uy vazifasi va reyting
Uy vazifasini qanday tekshiraman va baholayman?
- Darsda uy vazifasini yoqing: Dars → Sozlamalar → Uy vazifasi va shartini yozing.
- O'quvchilar topshirgach: Dars → Topshiriqlar. Holat bo'yicha saralash mumkin.
- Topshiriqni oching — rasmlar, audio va hujjatlar shu yerning o'zida ochiladi.
- Baholash: 0–100 ball va o'quvchiga izoh. Yoki Qayta ishlashga qaytarish — bunda izoh majburiy.
Baho avtomatik ravishda o'quvchining o'zlashtirish foiziga qo'shiladi. Baholangan vazifani o'quvchi qayta topshira olmaydi; qaytarilganini tuzatib, yana yuboradi.
Dars reytingi qanday tuziladi?
Dars → Reytingda ikkita alohida jadval bor:
- Uy vazifasi — o'qituvchi qo'ygan ball bo'yicha (tekshirilmaganlar oxirida).
- Mashqlar — har bir o'quvchining oxirgi urinish natijasi va urinishlar soni. O'quvchi mashqni qayta ishlab natijasini yaxshilashi mumkin.
O'yinlar, tavsiyalar, strategiyalar
O'yin qanday qo'shiladi?
O'yinlar bo'limi faqat platforma tomonidan ruxsat berilgan o'qituvchilarga ko'rinadi. Chapda kategoriyalar daraxti (sudrab tartiblash va ichma-ich joylash mumkin), o'ngda o'yinlar. O'yin — 1 tadan 20 tagacha mashqdan iborat to'plam; u o'quvchilarning Play → O'yinlar bo'limida chiqadi. Ruxsat olish uchun yordam markaziga yozing.
Tavsiya va strategiya nima, qanday yarataman?
- Tavsiya — ota-ona va bolalar uchun foydali maslahat yoki maqola, oy va yosh guruhiga bog'lanadi.
- Strategiya — bir nechta bosqichdan iborat maqsadli dastur (masalan «1 yillik kitobxonlik rejasi»); har bosqichga tavsiyalar biriktiriladi.
Ikkalasiga ham yosh oralig'i qo'yiladi. Siz yaratganlarini o'zingiz va sizga bog'langan foydalanuvchilar (o'quvchilaringiz, farzandlaringiz) ko'radi. Hammaga ko'rinadigan qilishni faqat platforma administratori yoqadi.
AI yordamchi (Claude, ChatGPT, Gemini)
AI yordamchi bilan nima qilsa bo'ladi?
Faroz'ni sevimli AI yordamchingizga ulab, oddiy so'z bilan buyruq berasiz:
- «5-sinf uchun kasrlar mavzusida 5 darslik kurs tuz» — kurs, darslar va mashqlar yaratiladi;
- «Mana bu PDF darslikdan test mashqi qil» — hujjatdan mashq;
- «3-dars uy vazifalarini tekshir va izoh yoz» — topshiriqlarni ko'rib baho taklif qiladi;
- «Videolarimga tavsif yoz», «A guruhni seshanba kunlariga ko'chir», «O'quvchilar reytingini ko'rsat».
AI hech narsani o'chirmaydi va to'lov, narx, balans ma'lumotlariga kira olmaydi.
AI yordamchini qanday ulayman?
- AI ilovangiz sozlamalarida «ulagich» (connector) qo'shing va manzilni kiriting: https://faroz.uz/mcp.
- Faroz kirish oynasi ochiladi — o'z hisobingiz bilan kiring.
- Tayyor. Endi suhbatda Faroz bilan ishlashni so'rang.
Claude, ChatGPT, Gemini va boshqalar uchun batafsil yo'riqnoma: faroz.uz/faroz-mcp.
Mualliflik va obunalar
«Foydalanuvchilar» bo'limidagi tablar nima?
- Mualliflar — siz a'zo bo'lgan o'qituvchilar; yangisini ID, email yoki telefon bo'yicha topib qo'shasiz.
- Resurslar — fanlar bo'yicha barcha mualliflarning obunalari katalogi (bepul/pullik, saralash).
- Obunalarim — siz sotib olgan obunalar va ularning muddati.
- Foydalanuvchilarim — sizga a'zo bo'lgan va obuna olgan o'qituvchilar; so'rovlarni tasdiqlash, ayrimlarga chegirma yoki bepul kirish berish.
- Mening kutubxonam — o'z obuna to'plamlaringiz va ularga biriktirilgan materiallar.
O'z materiallarimga obuna qanday tuzaman?
- Materiallarni (mashq, video, audio, rasm) Obuna huquqi bilan saqlang.
- Foydalanuvchilar → Mening kutubxonam → yangi obuna: nomi, muqova, fan, tavsif, oylik narx (0 — sizga a'zo bo'lganlar uchun bepul).
- Materiallarni shu obunaga biriktiring.
- Boshqa o'qituvchilar Resurslar katalogida obunangizni topib sotib oladi; pul balansingizga tushadi, obuna har oy avtomatik yangilanadi.
O'quvchilar uchun
Faroz'da kurslarda o'qiysan, mashq va o'yin o'ynaysan, video va hikoyalar ko'rasan. Bu bo'lim seni kursga yozilishdan natijangni ko'rishgacha olib boradi.
Ilova bo'limlari
Ilovada qanday bo'limlar bor?
| Bo'lim | Nima bor |
|---|---|
| Bosh sahifa | Kunlik vazifalar, yoshingga mos tavsiyalar, tepadagi dumaloq tanlovlar |
| Play | Ikki qism: Videolar va O'yinlar (kategoriyalar bo'yicha) |
| Hikoyalar | Motivatsion, tarixiy va ibratli hikoyalar |
| Ta'lim | Kurslar katalogi va o'zing a'zo bo'lgan kurslar |
Yon menyuda (☰): Bog'langan profillar, Xizmatlar, Rejalarim, Balans, Statistika, Sozlamalar. Saytda bular chap menyuda turadi.
Har bir ro'yxatni pastga tortib yangilash mumkin.
Kursga yozilish
Kursni qanday topaman?
Ta'lim bo'limida kurslarni nomi bo'yicha qidirish va filtrlash mumkin. Yoki o'qituvching yuborgan havolani bos — kurs to'g'ridan-to'g'ri ochiladi.
Kurs sahifasida tavsif, darslar ro'yxati, reyting va jadval bor. Ochiq darslarni yozilmasdan ham sinab ko'rsang bo'ladi.
Bepul kursga qanday qo'shilaman?
- Kurs sahifasida «Qo'shilish»ni bos.
- Telefon raqamingni kirit (agar profilda bo'lmasa) — o'qituvchi siz bilan bog'lanishi uchun.
- So'rov yuboriladi va holati «Kutilmoqda» bo'ladi. Xohlasang, so'rovni bekor qilishing mumkin.
- O'qituvchi tasdiqlagach, kurs to'liq ochiladi va guruhingiz jadvali ko'rinadi.
Pullik kursga qanday yoziladi?
- Kurs sahifasida tariflarni ko'rasan: masalan haftalik, oylik yoki to'liq kurs, chegirmasi bilan.
- Tarifni (va kerak bo'lsa guruhni) tanla va to'la — pul Faroz balansingdan yechiladi.
- To'lov o'tishi bilan darhol a'zo bo'lasan, o'qituvchini kutish shart emas.
Haftalik va oylik tarif muddati tugaganda o'zi uzayadi. To'xtatish uchun kurs sahifasida «Avto-uzaytirish»ni o'chir. Haftalik yoki oylik obunadan to'liq kursga o'tish ham mumkin.
Darslar va mashqlar
Darsni qanday o'tayman?
Kurs sahifasida darsni bos → mashqlar ketma-ket ochiladi. Sahifadagi topshiriqlarni bajar va «Keyingi»ga o't. Oxirida natijang (foizda) chiqadi.
- Mashqni qayta ishlashing mumkin — hisobga oxirgi urinishing olinadi.
- Gapirish mashqlarida mikrofonga ruxsat ber; tinch joyda, aniq gapir.
- Gapirish imtihoni (IELTS yoki Multilevel) to'liq ekranda ochiladi: savolni tinglaysan, tayyorlanasan, javobingni yozib olasan. Oxirida AI baho va izoh beradi.
Darslarim qachon bo'lishini qayerdan bilaman?
Kurs sahifasidagi Kalendar bo'limida guruhingizning dars kunlari va soatlari ko'rsatilgan. Statistika bo'limida esa keyingi darsing ko'rinadi.
Uy vazifasi
Uy vazifasini qanday topshiraman?
- Darsni och — pastda Uy vazifasi va uning sharti bor.
- «Fayl qo'shish»: rasm (daftaringni rasmga ol), audio, PDF, Word yoki taqdimot. Ko'pi bilan 10 ta fayl, jami 20 MB gacha.
- Xohlasang izoh yoz va «Topshirish»ni bos.
Holatlar: Tekshirilmoqda → Baholandi (ball va o'qituvchi izohi) yoki Qayta ishlash kerak (izohni o'qib, tuzatib, «Qayta topshirish»).
Natija va reyting
Natijalarim va reytingni qayerda ko'raman?
- Kurs sahifasi → Natijalarim — har bir dars bo'yicha bahoing va vazifa holati.
- Kurs sahifasi → Reyting — guruhdagi o'rning (birinchi uchlik medal oladi).
- ☰ → Statistika — barcha kurslaring bo'yicha o'zlashtirish, o'rin, davomat va keyingi dars.
Reytingni ko'tarish uchun: darslarga qatnash, mashqlarni qayta ishlab natijani yaxshila va uy vazifalarini vaqtida topshir.
Xizmatlar, rejalar va boshqalar
«Xizmatlar»dagi ingliz tili grammatika tekshiruvi qanday ishlaydi?
☰ → Xizmatlar → Grammatika tekshiruvi. Ingliz tilida yozgan inshongni rasmga ol va yukla. AI matnni o'qib, xatolarni qizil bilan, to'g'risini yashil bilan ko'rsatadi va CEFR darajangni (A1–C2) aytadi. Natijani rasm sifatida saqlab, ulashish mumkin; avvalgi tekshiruvlar tarixda qoladi.
«Rejalarim» va strategiyalar nima?
Strategiya — bosqichma-bosqich rivojlanish rejasi (masalan, kitobxonlik yoki odob bo'yicha). Yoshingga mosini tanlab boshlaysan, har bosqichdagi tavsiyalarni bajarasan. Boshlagan rejalaring Rejalarimda turadi.
Savol yoki shikoyatni qayerga yozaman?
Saytda: chap menyu → Shikoyat va takliflar. Kurs bo'yicha savolni kurs muallifiga xabar qilib yozish mumkin. Umumiy masalalar uchun — yordam markazi.
Ota-onalar uchun
Faroz farzandingiz uchun reklamasiz, yoshiga mos va moderatsiyadan o'tgan muhit. Siz uning profilini o'zingizga bog'laysiz, kurslardagi natijalarini kuzatasiz va unga mos tavsiyalarni ko'rasiz.
Farzandni ulash
Farzandimga qanday hisob ochaman?
- Farzandingiz telefonida (yoki kompyuterda) Faroz'ga kiring — Google, Apple yoki email orqali (qanday?).
- Birinchi kirishda farzandning tug'ilgan kunini to'g'ri kiriting — kontent shunga qarab tanlanadi.
- So'ng farzand profilini o'zingiznikiga bog'lang (keyingi savol).
Farzand profilini o'zimnikiga qanday bog'layman?
- ☰ → Bog'langan profillar (saytda: Profil → Bog'langan profillar).
- «Qo'shish» → farzandingiz hisobining emailini kiriting va u siz uchun kim ekanini tanlang (farzand).
- Farzandingiz o'z ilovasida so'rovni tasdiqlaydi va siz uchun rolni (ota / ona / vasiy) belgilaydi.
Bog'lanish ikki tomonlama tasdiqlanadi. Muhim: farzand ota, ona yoki vasiy bilan bog'lanishni o'zi bekor qila olmaydi.
Xuddi shu yerda ustoz bilan ham bog'lanish mumkin: ustoz qo'shilsa avtomatik tasdiqlanadi; olib tashlansa 3 kun ichida bekor bo'ladi.
Farzandim o'quv markazida o'qiydi. Kurs natijalarini qanday ko'raman?
- O'qituvchiga yoki markaz administratoriga Faroz ID, email yoki telefon raqamingizni bering.
- U sizni farzandingizning a'zo sahifasiga yaqini sifatida qo'shadi (ota, ona, aka, opa, bobo, buvi, vasiy…).
- Endi o'z ilovangizda Ta'lim → kursni oching → Natijalar bo'limi. Bir nechta farzandingiz bo'lsa, yuqoridan tanlaysiz.
Kuzatish
Farzandimning qaysi ma'lumotlarini ko'raman?
- Har bir dars bo'yicha mashq natijasi (foizda);
- uy vazifalari: topshirilganmi, bahosi, o'qituvchi izohi va yuklangan fayllar;
- guruhdagi reytingi va umumiy o'zlashtirish foizi;
- dars jadvali (kalendar).
Boshqa o'quvchilarning telefon raqami va shaxsiy ma'lumotlari sizga ko'rinmaydi — reytingda faqat ism va natija bo'ladi.
Pullik kurs uchun qanday to'layman?
Pullik kurslar farzandning Faroz balansidan to'lanadi (tartibi). Ko'pgina o'quv markazlari to'lovni o'zlari qabul qilib, farzandni kursga qo'lda qo'shadi — markazdan so'rang. Avtomatik uzaytirishni kurs sahifasida o'chirib qo'yish mumkin.
Tavsiya va strategiyalar menga qanday yordam beradi?
Bosh sahifadagi tavsiyalar — tarbiya bo'yicha maslahatlar va foydali maqolalar, farzandingiz yoshiga moslab tanlanadi. Strategiyalar — bir necha oyga mo'ljallangan bosqichli rejalar (masalan, kitobxonlik odatini shakllantirish). Farzandingiz bilan birga boshlab, bosqichlarni birga bajaring.
Xavfsizlik
Faroz bolam uchun xavfsizmi?
- Reklama yo'q.
- Kontent yosh oralig'iga ega va bolaning yoshiga qarab saralanadi — erta yoki murakkab material chiqmaydi.
- Uy vazifasi fayllari yopiq saqlanadi: ularni faqat o'quvchi, kurs xodimlari va bog'langan yaqinlar ko'radi.
- O'qituvchi taqdimotlarini yuklab olib bo'lmaydi.
- Kursga yozilish o'qituvchi tasdig'i bilan; telefon raqam o'qituvchi tomonidan tekshiriladi.
Batafsil: Maxfiylik va xavfsizlik siyosati.
Farzandimga nimalarni tushuntirishim kerak?
- Parolni hech kimga aytmaslik;
- uy vazifasi fayllari va izohlarga manzil, telefon, maktab kabi shaxsiy ma'lumot yozmaslik;
- noqulay holat bo'lsa sizga aytish yoki Shikoyat va takliflar orqali xabar berish.
Umumiy savollar
Faroz pullikmi?
Platformadan foydalanish, kurs yaratish va bepul kurslarda o'qish bepul. Pullik bo'lishi mumkin bo'lganlar — muallif o'zi narx qo'ygan kurslar va obunalar. Faroz'ning o'z pullik tariflari tez orada qo'shiladi.
Mobil ilovani qayerdan yuklayman?
Android: Google Play'dagi Faroz. Boshqa qurilmalarda faroz.uz saytidan foydalaning — u telefon brauzerida ham ishlaydi.
Nimadir ishlamayapti yoki yangi narsa ko'rinmayapti
- Ro'yxatni pastga tortib yangilang yoki sahifani qayta yuklang.
- Ilovani eng so'nggi versiyaga yangilang.
- Saytda yangiliklar ko'rinmasa, brauzer xotirasini tozalab qayta oching.
- Hal bo'lmasa — xatoning rasmini olib, yordam markaziga yozing.
Video darslar qachon ko'payadi?
Har hafta yangi qo'llanma videolari chiqadi — YouTube kanalimiz @farozuzga obuna bo'ling. Yangi videolar shu sahifaga ham tegishli savollar ostiga qo'shiladi.
Javob topmadingizmi?
Savolingizni yozing — imkon qadar tez javob beramiz va uni shu qo'llanmaga qo'shamiz.
Yordam markaziga yozish →